249-modda. Daʼvoni taʼminlash choralari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Quyidagilar daʼvoni taʼminlash choralari boʻlishi mumkin:
1) javobgarga tegishli boʻlgan va uning oʻzida yoki boshqa shaxsda turgan mol-mulk yoxud pul summasini xatlash;
2) javobgarning muayyan harakatlarni amalga oshirishini taqiqlash;
3) boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash;
4) mol-mulkni xatlashdan chiqarish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatilgan taqdirda, uni sotishni toʻxtatish;
5) agar qarzdor ijro hujjati yuzasidan daʼvo tartibida nizolashayotgan boʻlsa va bunday nizolashishga qonun hujjatlarida yoʻl qoʻyilsa, bu hujjat boʻyicha undiruvni toʻxtatish.
Daʼvolarning ish haqini, daromadni, pensiya va stipendiyani xatlash yoʻli bilan taʼminlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi, aliment undirish toʻgʻrisidagi, mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik, shuningdek, boquvchining oʻlimi oqibatida koʻrilgan zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi, oʻzgalar mol-mulkini talon-toroj qilganlik natijasida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar bundan mustasno.
Zarur hollarda sud daʼvoni taʼminlash chorasining bir necha turini qoʻllashi mumkin, lekin ularning umumiy summasi daʼvoning bahosidan oshib ketmasligi kerak.
