248-modda. Daʼvoni taʼminlash asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud (sudya) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrmaslik sud chiqargan hal qiluv qarorining ijrosini qiyinlashtirsa yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻysa, daʼvoni taʼminlashga yoʻl qoʻyiladi.
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash choralari hakamlik muhokamasi tarafining daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizasiga binoan hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoxud javobgar joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoinki javobgarning mol-mulki turgan joydagi sud tomonidan koʻrilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizaga daʼvoning hakamlik sudiga taqdim etilganligini isbotlovchi dalillar ilova qilinadi.
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani sud tomonidan koʻrib chiqish va daʼvoni taʼminlash haqida ajrim chiqarish ushbu Kodeksning 249—258-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
