220-modda. Hal qiluv qarorining darhol ijro etilishiga sudning yoʻl qoʻyish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud quyidagi hal qiluv qarorlari butunlay yoki qisman darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyishi mumkin:
1) daʼvogar va javobgar sudning chiqargan hal qiluv qaroriga va uning darhol ijro etilishiga rozi boʻlganda;
2) muallifning intellektual faoliyati natijasidan foydalanganlik uchun unga haq undirib berish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori;
3) alohida holatlar natijasida hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish undiruvchi uchun koʻp zarar keltirishi mumkin boʻlgan yoki ijroning bajarilishi mumkin boʻlmay qolgan hamma boshqa ishlar boʻyicha.
Ushbu moddaning birinchi qismi 1-bandida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, taraflarning roziligi sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va taraflar tomonidan imzolanadi. Agar taraflarning roziligi sud nomiga yuborilgan yozma arizalarda ifodalangan boʻlsa, bu arizalar ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda sud majlisining bayonnomasida koʻrsatiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismi 3-bandida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha hal qiluv qarorining darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyilganida sud daʼvogardan sudning qarori bekor qilingan taqdirda, undirilgan narsalar qaytarilishini taʼminlashni talab qilishi mumkin.
Hal qiluv qarori chiqarilgandan soʻng apellatsiya shikoyati berish va protest keltirish muddati ichida hal qiluv qarorining darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyish masalasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Biroq, bu shaxslarning kelmasligi darhol ijro etish masalasini hal qilishga toʻsqinlik qilmaydi.
Hal qiluv qarorini darhol ijro etish masalasi boʻyicha sudning chiqargan ajrimi ustidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest keltirilishi mumkin. Hal qiluv qarorini darhol ijro etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan xususiy shikoyat yoki keltirilgan protest bu ajrimning ijrosini toʻxtatmaydi.
