206-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat boʻladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarori chiqarilgan vaqt va joy, hal qiluv qarori chiqargan sudning nomi, sudyaning familiyasi (sud tarkibi), sud majlisining kotibi, taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida daʼvogarning talabi, javobgarning eʼtirozlari va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlari koʻrsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ishning sud tomonidan aniqlangan holatlari, ishning holatlari toʻgʻrisidagi sud xulosalariga asos boʻlgan dalillar, sud u yoki bu dalilni rad qilishda asoslangan xulosalar, sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalari koʻrsatilmogʻi lozim. Agar javobgar arz qilingan talabni tan olsa, asoslantirish qismida faqat arz qilingan talabning tan olinganligi va uning sud tomonidan qabul qilinganligi koʻrsatilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sudning arz qilingan talablarni qanoatlantirish yoxud butunlay yoki qisman rad etish toʻgʻrisidagi xulosasi, sud xarajatlarining taqsimlanishi, hal qiluv qarori ustidan shikoyat berish muddati va tartibi koʻrsatilishi lozim.
