181-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ish toʻgʻrisida maʼruza qilinganidan soʻng, sud daʼvogar va uning tomonida ishtirok etuvchi uchinchi shaxsning, javobgar va uning tomonida ishtirok etuvchi uchinchi shaxsning, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi.
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida ariza bergan prokuror, shuningdek boshqa shaxslar arz qilgan talablari boʻyicha tushuntirishlar berish yoki ularni asoslash uchun birinchi boʻlib soʻzga chiqadilar.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar bir-birlariga savollar berishga haqlidirlar.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yozma tushuntirishlari va ushbu Kodeksning 63, 65, 66 va 72-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud olgan tushuntirishlar oʻqib eshittiriladi.
