180-modda. Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olganligi yoki taraflar erishgan kelishuv bitimining shartlari sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi va tegishlicha, daʼvogar, javobgar yoki ikkala taraf tomonidan imzolanadi. Agar daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligi, javobgarning daʼvogar arz qilgan talablarni tan olganligi yoki taraflarning kelishuv bitimi ularning sudga yuborgan yozma arizalarida ifodalangan boʻlsa, mazkur arizalar ishga qoʻshib qoʻyilib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligini qabul qilishdan yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin sud daʼvogarga yoki taraflarga tegishli protsessual harakatlar qilishning oqibatlarini tushuntiradi.
Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligini qabul qilish yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi va shu ajrim bilan ish yuritishni ham tugatadi. Ajrimda taraflarning kelishuv bitimidagi shartlar koʻrsatilishi kerak.
Javobgar arz qilingan talablarni tan olsa va sud tan olishni qabul qilsa, arz qilingan talablarni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori chiqariladi.
Agar sud javobgarning arz qilingan talablarni tan olishini qabul qilmasa yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlamasa, bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqaradi va ishni mazmunan koʻradi.
