154-modda. Arizani harakatsiz qoldirish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudya ariza ushbu Kodeksning 149 va 150-moddalarida bayon etilgan talablarga rioya qilinmay berilganligini yoki davlat boji toʻlanmaganligini aniqlasa, arizani harakatsiz qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, bundan daʼvogarni xabardor qiladi va kamchiliklarni tuzatish uchun unga muhlat beradi. Ajrim imzo qoʻydirib topshiriladi yoki pochta orqali yoxud axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi.
Agar daʼvogar belgilangan muddatda sudyaning koʻrsatmalariga muvofiq ushbu Kodeksning 149 va 150-moddalaridagi talablarni bajarsa va davlat bojini toʻlasa, ariza sudga dastlab taqdim etilgan kuni berilgan hisoblanadi. Aks holda, ariza berilmagan hisoblanib, daʼvogarga qaytariladi va bu haqda ajrim chiqariladi. Ariza va ajrim imzo qoʻydirib topshiriladi yoki pochta orqali yoxud axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi.
