105-modda. Daʼvoning bahosi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Daʼvoning bahosi quyidagicha belgilanadi:
1) pul undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — undiriladigan summaga qarab;
2) mulk talab qilish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — daʼvo qilinayotgan mulkning qiymatiga qarab;
3) bir qancha mustaqil talablardan iborat daʼvolar boʻyicha — hamma talablarning umumiy summasiga qarab;
4) aliment undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — bir yillik toʻlovlarning yigʻindisiga qarab;
5) muddatli toʻlovlar va pul berish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlarning yoki beriladigan pullarning yigʻindisiga qarab, lekin koʻpi bilan uch yillik yigʻindisiga qarab;
6) muddatsiz yoki umrbod toʻlovlar va pul berish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlarning yoki pullarning uch yil ichidagi yigʻindisiga qarab;
7) toʻlovlarni yoki pul berishni kamaytirish yoxud koʻpaytirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlar yoki beriladigan pullar kamaytiriladigan yoki koʻpaytiriladigan summaga, lekin koʻpi bilan bir yillik summaga qarab;
8) toʻlovlarni yoki pul berishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — qolgan toʻlovlar yoki pullar yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan bir yillik yigʻindisiga qarab;
9) mulk ijarasi shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish haqidagi daʼvolar boʻyicha — shartnoma amal qilishining qolgan muddatida mulkdan foydalanish uchun toʻlanadigan toʻlovlarning, lekin koʻpi bilan uch yil ichidagi toʻlovlarning yigʻindisiga qarab;
10) xususiy mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli imoratlarga egalik huquqi toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — imoratning haqiqiy qiymatiga qarab, lekin bu miqdor inventarizatsiya bahosidan, inventarizatsiya bahosi boʻlmaganida esa, majburiy sugʻurta bahosidan kam boʻlmasligi kerak, tashkilotlarga qarashli imoratlarga doir daʼvolar boʻyicha esa, imoratlarning haqiqiy bahosidan kam boʻlmasligi kerak.
