95-modda. Sud xarajatlarining taqsimlanishi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Daʼvogar toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undiriladi.
Agar ish ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibini buzish (talabnomani javobsiz qoldirish, talab qilingan hujjatlarni joʻnatmaslik) oqibatida kelib chiqqan boʻlsa, xoʻjalik sudi ishning natijasidan qatʼi nazar, sud xarajatlarini shu shaxsga yuklashga haqli.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisida oʻzaro kelishsalar, xoʻjalik sudi shu kelishuvga muvofiq qaror qabul qiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berishlari bilan bogʻliq sud xarajatlari ushbu moddada bayon qilingan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
