94-modda. Ekspertlar, guvohlar va tarjimonlarga tegishli summalarni toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ekspertlar, guvohlar va tarjimonlarga xoʻjalik sudiga kelish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻlkira, uy-joy ijarasi xarajatlari qoplanadi va kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi.
Ekspertlar va tarjimonlar xoʻjalik sudining topshirigʻi bilan bajargan ish ularning xizmat vazifasi doirasiga kirmasa, ular bu ish uchun haq oladilar.
Xoʻjalik sudiga guvoh sifatida chaqirilgan fuqarolarning sudga kelishi tufayli yoʻqotilgan vaqt bilan bogʻliq xarajatlari qoplanadi.
Ishda ishtirok etib, tegishli iltimos bilan murojaat qilgan shaxs guvohlar va ekspertlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summani xoʻjalik sudining depozit hisobvaragʻiga oldindan oʻtkazadi. Agar ikkala tomon iltimos bilan murojaat qilgan boʻlsa, talab qilinadigan summani ular teng boʻlib oʻtkazadilar. Agar qoʻshimcha ekspertiza sudning tashabbusi bilan tayinlansa, toʻlanishi lozim boʻlgan summa ekspertga sud tomonidan depozit hisobidan toʻlanadi. Bu summa ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ushbu Kodeksning 95-moddasiga muvofiq undirilib, sudning depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ekspertlarga, guvohlarga va tarjimonlarga tegishli boʻlgan summalar xoʻjalik sudi tomonidan ular oʻz vazifalarini bajarganlaridan keyin toʻlanadi.
Toʻlash tartibi va toʻlanishi lozim boʻlgan summalar miqdori qonun hujjatlarida belgilanadi.
