76-modda. Daʼvoni taʼminlash asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli. Daʼvoni taʼminlashga, agar shunday choralarni koʻrmaslik sud hujjatining ijrosini qiyinlashtirishi yoki bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, xoʻjalik sudlov ishini yuritishning har qanday bosqichida yoʻl qoʻyiladi.
Davlat organi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan noqonuniy hujjat qabul qilinganligi yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan gʻayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi natijasida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda sud daʼvogarning arizasi boʻyicha daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi shart.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza tushganidan keyingi kundan kechiktirmasdan nizoni hal etayotgan xoʻjalik sudi tomonidan koʻriladi.
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash choralari hakamlik muhokamasi tarafining daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoxud javobgar joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoinki javobgarning mol-mulki turgan joydagi xoʻjalik sudi tomonidan ariza xoʻjalik sudiga kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmasdan taraflarni xabardor qilmagan holda koʻrilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizaga daʼvoning hakamlik sudiga taqdim etilganligini isbotlovchi dalillar ilova qilinadi.
Arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Daʼvoni taʼminlash yoki taʼminlashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat berish ushbu ajrim ijrosini toʻxtatib turmaydi.
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqish va daʼvoni taʼminlash haqida ajrim chiqarish ushbu Kodeksning 77—81-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
