67-modda. Ekspertiza tayinlash
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishni koʻrish vaqtida kelib chiqadigan, fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan savollarni tushuntirib berish uchun xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosiga koʻra ekspertiza tayinlaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar xoʻjalik sudiga ekspertiza oʻtkazish vaqtida tushuntirib berilishi kerak boʻlgan savollari va ekspertlarning nomzodlari boʻyicha takliflarini taqdim etishga haqlidirlar.
Ekspertizaning xulosasi talab qilinadigan savollarning uzil-kesil mazmunini xoʻjalik sudi belgilaydi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar taklif etgan savollarni rad etishni sud asoslab berishi shart.
Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisida xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi.
