47-modda. Ekspert
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan jismoniy shaxs ekspert sifatida tayinlanishi mumkin.
Ekspert sifatida davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, boshqa korxona, muassasa, tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ekspert sifatida jalb etilishi mumkin emas.
Ekspert: ushbu Kodeksning 17 va 18-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; xoʻjalik sudining chaqiruviga binoan sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertizani oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi; sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; joyida koʻzdan kechirishda ishtirok etish va ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga xoʻjalik sudining ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki koʻrsatuvlari ishda ishtirok etuvchi shaxslar va guvohlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u sud muhokamasi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan xoʻjalik sudining qarorlari, sudyaning harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
