43-modda. Ishda prokurorning ishtiroki
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Prokuror hamma ishlar boʻyicha sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga daʼvo arizasini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarga esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yoki ularning oʻrinbosarlari taqdim etadi.
Daʼvo taqdim etgan prokuror kelishuv bitimi tuzishdan tashqari daʼvogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va majburiyatlarini bajaradi.
Prokurorning oʻz daʼvosidan voz kechishi daʼvogarni ishni mazmunan koʻrib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum qilmaydi.
Prokuror tomonidan huquqini himoya qilish maqsadida taqdim etilgan daʼvodan daʼvogarning voz kechishi arizani koʻrmasdan qoldirishga olib keladi.
Qonunda nazarda tutilgan yoki sud ishda prokuror qatnashishi zarur deb topgan hollarda ishni koʻrishda prokuror ishtirok etishi shart.
