42-modda. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar, agar ish boʻyicha hal qiluv qarori ularning taraflardan biriga nisbatan huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, xoʻjalik sudi hal qiluv qarori qabul qilgunga qadar daʼvogar yoki javobgar tomonida ishga kirishishi mumkin. Uchinchi shaxslar ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi bilan yoki sudning tashabbusi bilan ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar tarafning huquqlaridan foydalanadilar va protsessual majburiyatlarini bajaradilar, daʼvoning asosi yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talabining miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, shuningdek daʼvodan voz kechish, daʼvoni tan olish yoki kelishuv bitimi tuzish, sud hujjatining majburiy tarzda bajarilishini talab qilish huquqi bundan mustasno.
Xoʻjalik sudi bir jarayonda dastlabki daʼvoni koʻrib chiqishga va mansabdor shaxs tomonidan tashkilotga yetkazilgan zararni undan undirish masalasini regress tartibda hal etishga haqlidir.
