23-modda. Sudga taalluqli ishlar
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudiga quyidagi ishlar taalluqlidir:
1) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi), yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar;
2) iqtisodiyot sohasida tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari vujudga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash (bundan buyon matnda yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi ishlar;
3) tashkilotlar va fuqarolarning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishlar.
4) ushbu Kodeksning 15519-moddasida koʻrsatilgan korporativ nizolar boʻyicha ishlar, bundan mehnatga oid nizolar mustasno.
Xoʻjalik sudiga shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar, agar tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, taalluqlidir.
Qonun bilan xoʻjalik sudiga taalluqli ishlar jumlasiga boshqa ishlar ham kiritilishi mumkin.
Xoʻjalik sudi oʻziga taalluqli ishlarni, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolari, shuningdek chet el tashkilotlari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokida koʻradi.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari xoʻjalik sudiga, boshqalari esa umumiy yurisdiksiya sudiga taalluqli boʻlgan bir necha talab birlashtirilgan taqdirda, hamma talablar umumiy yurisdiksiya sudida koʻrilishi kerak.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari iqtisodiy sudga, boshqalari esa maʼmuriy sudga taalluqli boʻlgan bir necha talab birlashtirilgan taqdirda, hamma talablar iqtisodiy sudda koʻrilishi kerak.
Ushbu modda birinchi qismining 4-bandida koʻrsatilgan ishlar nizo vujudga kelgan huquqiy munosabatlar ishtirokchisi tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar boʻlishidan qatʼi nazar, xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
