204-modda. Qayta koʻrish asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi oʻzi qabul qilgan va qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishi mumkin.
Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) arizachiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan, ish uchun muhim holatlar;
2) guvohning bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar bergani, ekspertning bila turib yolgʻon xulosa bergani, tarjimonning bila turib notoʻgʻri tarjima qilgani, hujjatlar yoki ashyoviy dalillarning soxtaligi, bu hol sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan va noqonuniy yoki asoslanmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab boʻlgan boʻlsa;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoxud ular vakillari yoki ular vakillarining yoxud sudyalarning shu ishni koʻrish vaqtidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan jinoiy qilmishlari;
4) ushbu hal qiluv qarorini qabul qilishga asos boʻlgan xoʻjalik sudining hujjati yoki sudning hal qiluv qarori, hukmi yoxud boshqa organning qarori bekor qilinganligi.
