188-modda. Hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi sudning hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu buzilish notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi quyidagi hollarda hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi:
1) ish sud tomonidan noqonuniy tarkibda koʻrilgan boʻlsa;
2) ish sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi, majlisning oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birontasining yoʻqligida koʻrilgan boʻlsa;
3) ishni koʻrishda sud ishi yuritiladigan til toʻgʻrisidagi qoidalar buzilgan boʻlsa;
4) sud hal qiluv qarorini qabul qilishda qaysi qonun hujjatiga amal qilganligi hal qiluv qarorida koʻrsatilmagan boʻlsa;
5) sud ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan boʻlsa;
6) hal qiluv qarori sudyalardan biri tomonidan imzolanmagan boʻlsa yoxud hal qiluv qarorida koʻrsatilganidan boshqa sudyalar tomonidan imzolangan boʻlsa;
7) hal qiluv qarori ishni koʻrgan sud tarkibiga kirmagan sudyalar tomonidan qabul qilingan boʻlsa;
8) ishda sud majlisining bayonnomasi boʻlmasa yoki u ushbu Kodeks 134-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxs tomonidan imzolanmagan boʻlsa;
9) sud arz qilingan talab boʻyicha qaror qabul qilmagan boʻlsa.
