162-modda. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudya apellyatsiya shikoyatini (protestini) quyidagi hollarda qaytaradi:
1) apellyatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan yoxud uni imzolashga huquqi boʻlmagan shaxs yoki mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) uning nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga joʻnatilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan boʻlsa;
3) davlat boji belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar apellyatsiya shikoyatiga ilova qilinmagan boʻlsa, qonunda davlat bojini toʻlash muddatini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma berilmagan yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
4) apellyatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va unda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmasa;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga apellyatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi ajrim yuborilgunga qadar shikoyatni (protestni) bergan shaxsdan uni qaytarish toʻgʻrisida ariza tushgan boʻlsa.
Apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan kassatsiya shikoyati berish (protesti keltirish) mumkin.
Shikoyat bergan (protest keltirgan) shaxs ushbu moddaning birinchi qismidagi 1, 2, 3-bandlarda koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin xoʻjalik sudiga apellyatsiya shikoyati (protesti) bilan umumiy tartibda yana murojaat qilishga haqli.
