161-modda. Apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr bildirish
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishda ishtirok etuvchi shaxs apellyatsiya shikoyatining (protestining) nusxasini olgach, uning yuzasidan oʻz yozma fikrini va yozma fikrning nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganini tasdiqlovchi dalillarni apellyatsiya shikoyati koʻriladigan kungacha yetib borishini taʼminlaydigan muddatda xoʻjalik sudiga yuborishga haqlidir.
Yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
Yozma fikrga avval taqdim etilmagan hujjatlar ilova qilinishi mumkin. Bu holda yozma fikrga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ularda boʻlmagan hujjatlarning nusxalari yuborilganini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinadi.
