15518-modda. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha xoʻjalik sudining hal qiluv qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori xoʻjalik sudi tomonidan ushbu Kodeksning 18-bobida belgilangan qoidalar asosida qabul qilinadi.
Ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xoʻjalik sudi huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash yoki arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arz qilingan talab qanoatlantirilgan taqdirda, xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan shaxsning nomi;
2) huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar;
3) qoʻllanilgan huquqiy taʼsir chorasining turi, moliyaviy jazo chorasi qoʻllanilgan taqdirda esa uning miqdori; zimmasiga moliyaviy jazo chorasi summasini undirish yuklatilgan nazorat qiluvchi organning nomi;
4) faoliyat cheklanadigan, toʻxtatib turiladigan va taqiqlanadigan muddat; litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishi toʻxtatib turiladigan muddat; amal qilishi toʻxtatib turilgan yoki tugatilgan litsenziyaning (ruxsatnomaning), shuningdek bekor qilingan litsenziyaning (ruxsatnomaning) nomi, raqami, berilgan sanasi va boshqa rekvizitlari haqidagi hamda litsenziyani (ruxsatnomani) bergan organ toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; faoliyat qanday shartlar bajarilguniga qadar cheklanayotganligi, toʻxtatib turilayotganligi va taqiqlanayotganligi; banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar qanday shartlar bajarilguniga qadar toʻxtatib qoʻyilganligi.
Xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan boʻlsa, u qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda xoʻjalik sudining hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin uch ish kuni ichida xoʻjalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
