15517-modda. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud muhokamasi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish ishni sudda koʻrishga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi kerak, ariza xoʻjalik sudiga kelib tushganidan keyin kamida bir oydan soʻng koʻriladigan moliyaviy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar bundan mustasno.
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda xoʻjalik sudi sud majlisida: huquqbuzarlik hodisasi boʻlgan-boʻlmaganligini va uning sodir etilganligi faktini; tekshirish uchun va tekshirish natijalari boʻyicha dalolatnoma yoki boshqa hujjat tuzish uchun asoslar va nazorat qiluvchi organning vakolatlari bor-yoʻqligini; mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan-tutilmaganligini va huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asoslar bor-yoʻqligini aniqlaydi.
Moliyaviy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda xoʻjalik sudi moliyaviy jazo choralari summasining hisob-kitobi qanchalik toʻgʻriligini ham tekshiradi.
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha kelishuv bitimi tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
