149-modda. Qoʻshimcha hal qiluv qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudi quyidagi hollarda qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qiladi:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biron-bir talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan boʻlsa;
2) sud huquq masalasini hal qilib, undiriladigan summa miqdorini, berilishi lozim boʻlgan mol-mulkni yoki javobgar bajarishi shart boʻlgan harakatlarni koʻrsatmagan boʻlsa;
3) sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal qilinmagan boʻlsa.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish masalasi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguncha qoʻyilishi mumkin.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish masalasi sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Tegishli ravishda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelmaganligi masalani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish rad etilgan taqdirda ajrim chiqariladi.
Xoʻjalik sudining qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
