142-modda. Javobgarga muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklaydigan hal qiluv qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Javobgar zimmasiga mol-mulkni berish yoki pul summasini undirish bilan bogʻliq boʻlmagan muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklaydigan hal qiluv qarori qabul qilinganida xoʻjalik sudi uning xulosa qismida shu harakatlarni kim, qayerda, qachon yoki qaysi davr mobaynida bajarishi shartligini koʻrsatadi.
Zarurat boʻlganda xoʻjalik sudi, agar javobgar hal qiluv qarorini bajarmasa, daʼvogar tegishli harakatlarni javobgar hisobidan bajarib, zarur xarajatlarni undirib olishga haqli ekanligini koʻrsatishi mumkin.
Agar ushbu moddada koʻrsatilgan harakatlar faqat javobgar tomonidan bajarilishi mumkin boʻlsa, xoʻjalik sudi hal qiluv qarorida u ijro etilishi lozim boʻlgan muddatni belgilab qoʻyadi.
