1341-modda. Xoʻjalik ishi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik ishi ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlar, ishni koʻrish jarayonida sud tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qogʻozda rasmiylashtirilgan sud hujjatlari va boshqa hujjatlar asosida shakllantiriladi.
Xoʻjalik ishi elektron shaklda shakllantirilishi mumkin.
Xoʻjalik ishi elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari hujjatlarni ularni yuborgan shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlab, elektron shaklda sudga taqdim etishga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan xoʻjalik sudiga taqdim etilgan yozma hujjatlar ishga elektron shaklda qoʻshib qoʻyiladi, shundan soʻng ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi.
Xoʻjalik ishi elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, sud hujjatlari sudyaning (sudyalarning) elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, sud majlislarining va sud majlisidan tashqaridagi ayrim protsessual harakatlarning bayonnomalari esa raislik qiluvchining va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Elektron shakldagi xoʻjalik ishini boshqa xoʻjalik sudiga yoki boshqa organga oʻtkazish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Elektron shaklda shakllantirilgan xoʻjalik ishining qogʻozdagi koʻchirma nusxasi boʻlishi mumkin.
