134-modda. Bayonnoma
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud majlisida, shuningdek sud majlisidan tashqarida ayrim protsessual harakatlar bajarilganda bayonnoma tuziladi.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) sud majlisi oʻtkazilgan yil, oy, kun va joy;
2) ishni koʻrayotgan sudning nomi, sud tarkibi, sud majlisi kotibi;
3) ishning nomi;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari kelganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlari tushuntirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
6) sud tomonidan majlis zalidan chiqib ketmasdan chiqarilgan ajrimlar;
7) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ogʻzaki arzlari va iltimosnomalari;
8) guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalarini ogʻzaki tushuntirishlari;
9) ayrim protsessual harakatlar bajarilganda olingan maʼlumotlar.
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, bayonnomada bu haqdagi maʼlumot koʻrsatilishi kerak.
Bayonnoma kotib tomonidan sud majlisining oʻzida yoki alohida protsessual harakat bajarilgan vaqtda majlisdan tashqarida tuziladi. Bayonnoma raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi tomonidan majlisning ertasi kunidan kechiktirmay yoki bevosita shu harakat bajarilganidan keyin imzolanishi kerak.
Xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning ishtirokchilari bayonnoma imzolanganidan keyin uch kunlik muddatda sud majlisining yoki protsessual harakatning bayonnomasi bilan tanishish hamda uning toʻla-toʻkisligi va toʻgʻri tuzilganligi xususida oʻz fikrlarini berish huquqiga ega.
Sudya bayonnoma xususida fikrlar qabul qilinganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
