118-modda. Daʼvo arizasini qaytarish
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudya daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi:
1) daʼvo arizasining ushbu Kodeksning 112-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan boʻlsa;
2) daʼvo arizasi imzolanmagan yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
3) ish mazkur xoʻjalik sudi sudloviga tegishli boʻlmasa;
4) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga daʼvo arizasining nusxalari yuborilganini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan boʻlsa;
5) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini va boshqa sud xarajatlari qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda bu haqda iltimosnoma berilmagan yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
6) shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda daʼvogar javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa;
7) bitta daʼvo arizasida bir yoki bir necha javobgarga oʻzaro bogʻlanmagan bir necha talab birlashtirilgan boʻlsa;
8) qonun hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq qarz bank yoxud boshqa kredit muassasasi orqali olinishi lozim boʻlganida javobgardan qarzni olish uchun bankka yoki boshqa kredit muassasasiga murojaat qilinganligi haqida dalillar taqdim etilmagan boʻlsa;
9) agar daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgunga qadar uni qaytarib olish toʻgʻrisida daʼvogardan ariza tushgan boʻlsa.
Sudya daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisida u olingan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi.
Daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda daʼvo arizasi xoʻjalik sudiga dastlabki murojaat qilingan kuni berilgan deb hisoblanadi.
Daʼvo arizasining qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan xatolar bartaraf etilgandan keyin ikkinchi marta xoʻjalik sudiga umumiy tartibda daʼvo arizasi bilan murojaat etishga toʻsqinlik qilmaydi.
