87-modda. Qisqa deklaratsiya
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tovarlar va transport vositalari muayyan bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar qisqa deklaratsiya qoʻllanilishi mumkin.
Bojxona organining ruxsati bilan qisqa deklaratsiya sifatida transport, tijorat hujjatlari va boshqa hujjatlardan, shu jumladan xalqaro tashishlarni amalga oshirish chogʻida qoʻllaniladigan, chet tillarda tuzilgan hujjatlardan foydalanilishi mumkin.
Qisqa deklaratsiya tashuvchi tomonidan tovarlar va transport vositalarini koʻrsatish bilan bir vaqtda yoki bojxona organining ruxsati bilan tovarlar va transport vositalari koʻrsatilganidan keyin yigirma toʻrt soat ichida topshiriladi.
Agar tovarlar koʻrsatilgan muddat ichida muayyan bojxona rejimiga joylashtirilsa, qisqa deklaratsiya topshirilmaydi.
Tashuvchi tomonidan qisqa deklaratsiya topshirish vakolati berilgan shaxs boʻlmasa, kapitan, haydovchi yoki transport vositasini boshqaruvchi boshqa shaxs bojxona organlari uchun shunday shaxs deb hisoblanadi.
Tashuvchining vakili qisqa deklaratsiyani rasmiylashtirishda bojxona organlariga yordam koʻrsatishi shart.
Qisqa deklaratsiyaning shakli va unda koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarning roʻyxati va uni berish tartibi bojxona organlari tomonidan belgilanadi.
