64-modda. Bojxona tashuvchisi
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona tashuvchisi tovarlar tashishni bojxona kuzatuvini qoʻllamagan va bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlovchi garov summalarini kiritmagan holda bojxona nazorati ostida amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsidir.
Bojxona tashuvchisi ushbu Kodeks asosida tashuvchiga nisbatan qoʻyiladigan talablarga rioya etishi, shuningdek:
bojxona tashuvchisini roʻyxatga olgan bojxona organining faoliyat zonasidagi bojxona rasmiylashtiruvi joyiga juda boʻlmaganda bitta transport vositasi 24 soat ichida yetib kelishini taʼminlay oladigan zarur miqdordagi maxsus jihozlangan transport vositalariga ega boʻlishi;
ushbu Kodeks 62-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash haqida shartnoma tuzishi;
bojxona nazorati ostida tashishlarning hisobini yuritishi shart.
Bojxona tashuvchisining tovarlarni joʻnatuvchi bilan oʻzaro munosabatlari shartnoma asosida yoʻlga qoʻyiladi.
Yuridik shaxslarning bojxona tashuvchisi sifatidagi faoliyati ustidan nazorat olib borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
