61-modda. Tashuvchining huquqlari va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tashuvchi quyidagi hollarda tovarlar va transport vositalarini tashish uchun qabul qilmaslikka haqli:
bojxona va transport hujjatlari belgilangan tartibni buzgan holda rasmiylashtirilgan boʻlsa;
bojxona tomonidan transport vositasiga va tovarlar joylangan oʻrov-idishlarga qoʻyilgan taʼminlov choralari tashilayotgan tovarlarga ana shu taʼminlov choralarini buzmasdan tegish imkoniyatini istisno etmasa.
Tovarlar, transport vositalari va ularga oid hujjatlarni tashish uchun qabul qilib olgan tashuvchi:
ularni joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilangan manzilga, yoʻnalishda va muddatda, tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlaridagi kamayish oqibatidagi oʻzgarishlarni istisno etganda, ularning oʻrov-idishlari yoki holatini oʻzgartirmasdan, eltib berishdan boshqa maqsadda foydalanmasdan yetkazib berishi;
tovarlar, transport vositalari va ularga oid hujjatlarni yuk kelib tushadigan bojxona organida koʻrsatishi, bu organ mansabdor shaxslarining talabiga binoan esa — tovarlar va transport vositalarini amalda taqdim etishi;
bojxona nazorati ostida turgan tovarlar bilan bir vaqtda boshqa tovarlarni tashimasligi shart.
Yuk eltib beriladigan joyiga yetib kelganidan keyin tashuvchi bojxona organining ruxsatisiz tovarlar va transport vositasini toʻxtash joyida qarovsiz qoldirish, toʻxtash joyini oʻzgartirish, yoʻlovchilarni tushirish,tovarlar bilan biron-bir ortish-tushirish va oʻrash-joylash operatsiyalarini oʻtkazish, qiyoslash vositalarini oʻzgartirish, olib tashlash yoki yoʻq qilish huquqiga ega emas.
Agar tashuvchi, yoʻlovchilarning va transport vositasi ekipajining hayoti hamda sogʻligʻi chinakam xavf ostida qolganligini, tovarlar va transport vositasining yoʻq qilinishi, qaytarib boʻlmaydigan tarzda qoʻldan ketishi yoki jiddiy buzilishi xavfi mavjud boʻlganligini isbotlasa, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlaridagi talablarni buzganlik uchun javobgarlik yuzaga kelmaydi. Koʻrsatilgan talablar buzilishiga sabab boʻlgan holatlar toʻgʻrisida tashuvchi darhol bojxona organini xabardor qilishi shart.
Agar tashuvchi yoxud uning transport vositasi ushbu Kodeksning talablariga rioya etilishini kafolatlay olmasa, bojxona organi transport vositasi faqat tegishlicha jihozlangan yoki bojxona kuzatuviga olingan yoxud bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlovchi garov summalari kiritilgan yoki tovarlar bojxona tashuvchisi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashilgan taqdirdagina tovarlarning bojxona nazorati ostida olib oʻtilishiga yoʻl qoʻyishga haqli.
