59-modda. Bojxona ombori va erkin omborni, boj olinmaydigan savdo doʻkonini tugatish hamda ularga doir litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona ombori va erkin ombor, shuningdek boj olinmaydigan savdo doʻkoni quyidagi hollarda tugatiladi:
egalarining xohishiga koʻra;
litsenziyalarning amal qilish muddati oʻtganida;
litsenziyalar bekor qilinganida yoki ularning amal qilishi tugatilganida;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bojxona omborida yoki erkin omborda yoxud boj olinmaydigan savdo doʻkonida turgan tovarlarni saqlash vaqtincha saqlash rejimiga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya bekor qilinganida tovarlar bojxona ombori yoki erkin ombor yoxud boj olinmaydigan savdo doʻkoniga joylashtirilgan sanadan eʼtiboran qayta bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi lozim, ularning egalaridan esa, saqlab turganlik evaziga bojxona organlari tomonidan taʼsis etilgan bojxona omborlari uchun belgilangan miqdorda tovarlarning tugatilayotgan omborda yoki magazinda turgan butun davri uchun bojxona yigʻimlari undiriladi.
Litsenziya chaqirib olinganida litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tovarlar qayta bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi lozim, ularning egalaridan esa, saqlab turganlik evaziga bojxona organlari tomonidan taʼsis etilgan bojxona omborlari uchun belgilangan bojxona yigʻimlari undirila boshlaydi.
Bojxona ombori va erkin ombor, boj olinmaydigan savdo doʻkoni tugatilganda, shuningdek bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoniga berilgan litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganda tovarlarni saqlashga joylashtirishga hamda ularni realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday hollarda tovarlarni bojxona ombori va erkin ombordan, shuningdek boj olinmaydigan savdo doʻkonidan chiqarish ushbu Kodeksga muvofiq amalga oshiriladi.
Erkin omborga berilgan litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganda chet el tovarlarini omborga joylashtirish boj, soliqlar toʻlangan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi, boj, soliqlardan ozod qilish yoxud ularni qaytarish esa Oʻzbekiston tovarlariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Tugatilayotgan bojxona ombori va boj olinmaydigan savdo doʻkonida boʻlgan tovarlar va transport vositalari vaqtincha saqlash rejimida turishining umumiy muddati uni tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran ikki oydan, erkin omborda esa — olti oydan oshmasligi lozim.
