58-modda. Bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona ombori va boj olinmaydigan savdo doʻkoni egalari omborda saqlanayotgan va doʻkonda realizatsiya qilinayotgan tovarlar hamda transport vositalarining boj toʻlovlari toʻlanishi uchun javobgar boʻladilar, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar bojxona ombori egasi bilan tovarlar va transport vositalarini vaqtincha saqlash rejimiga joylashtiruvchi shaxs oʻrtasidagi shartnomada ushbu shaxsning boj toʻlovlarini toʻlash uchun javobgarligi nazarda tutilgan boʻlsa, ular solidar javobgar boʻladilar.
Bojxona organining roziligi bilan boj toʻlovlarini toʻlash uchun javobgarlik tovarlarni bojxona ombori rejimida saqlash uchun joylashtirgan shaxs zimmasiga yuklanishi mumkin.
Agar bojxona organi bojxona omborining egasi boʻlsa, tovarlar va transport vositalarini shu omborga joylashtirgan shaxs boj toʻlovlarini toʻlash uchun javobgar boʻladi, bunday shaxs boʻlmagan taqdirda — ularning mulkdori yoki egasi hisoblanuvchi shaxs javobgar boʻladi.
Agar erkin omborga joylashtirilgan tovarlardan boj toʻlovlari undirilsa, toʻlovlar toʻlanishi uchun ularni omborga joylashtirgan shaxs javobgar boʻladi.
