51-modda. Tovarlar chiqishiga ruxsat berilganidan keyingi bojxona nazorati
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona organlari tovarlar chiqishiga ruxsat berilganidan keyin, agar qonun hujjatlari buzilganligi haqida taxmin qilish uchun yetarli va tasdiqlangan asoslar mavjud boʻlsa, bojxona nazoratini amalga oshirishga haqli.
Tovarlar chiqishiga ruxsat berilganidan keyingi bojxona nazoratini amalga oshirishda bojxona organlari tovarlar mavjudligini tekshirishga, ularni takroran bojxona tekshiruvidan oʻtkazishga, bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarni qayta tekshirishga, ushbu tovarlar bilan amalga oshiriladigan tashqi iqtisodiy va keyingi tijorat operatsiyalariga daxldor hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni tekshirishga haqli. Tekshirish deklarant turgan joyda, koʻrsatib oʻtilgan operatsiyalarga bevosita yoki bilvosita aloqasi boʻlgan yoki zarur hujjatlarga ega boʻlgan har qanday boshqa shaxs turgan joyda oʻtkazilishi mumkin. Huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Tovarlar chiqishiga ruxsat berilganidan keyingi bojxona nazorati tovarlar chiqishiga ruxsat berilgan paytdan eʼtiboran uch yil mobaynida, bojxona toʻlovlarini qoʻshib hisoblash esa tovarlar chiqishiga ruxsat berilgan paytdan eʼtiboran bir yil mobaynida amalga oshirilishi mumkin.
Tovarlar chiqishiga ruxsat berilganidan keyingi bojxona nazorati ayni bir bitim boʻyicha koʻpi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin.
