361-modda. Tovarlarni qayta ishlashni tugallash
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tovarlarni qayta ishlashga ruxsatnoma olgan shaxs tovarlarni qayta ishlashni ushbu Kodeksning 34-moddasiga muvofiq belgilangan muddat tugaydigan kundan kechiktirmasdan:
bojxona hududida qayta ishlash rejimidan foydalangan taqdirda — qayta ishlash mahsulotlarini, qayta ishlanmagan tovarlar qoldiqlari va tovarlarni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan chiqindilarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqqan holda;
bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash rejimidan foydalangan taqdirda — qayta ishlash mahsulotlarini, qayta ishlanmagan tovarlar qoldiqlari va tovarlarni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan chiqindilarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirgan holda tugallashi shart.
Qayta ishlash olib kirilgan tovarlar, ularni qayta ishlash mahsulotlari va chiqindilarni erkin muomalaga chiqarish rejimida, olib chiqilgan tovarlar, ularni qayta ishlash mahsulotlari va chiqindilarni esa, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksda belgilangan shartlar asosida eksport rejimida joylashtirish bilan tugallanishi ham mumkin. Tovarlarni qayta ishlashga ruxsatnoma olgan shaxsning arizasiga binoan bojxona organi tovarlar, ularni qayta ishlash mahsulotlari va chiqindilarni bojxona hududida qayta ishlash rejimining yoki bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash rejimining amal qilishini tugallashga, agar buning uchun sabablar asosli deb topilgan boʻlsa hamda basharti ayni shu rejimlar talablariga rioya etiladigan boʻlsa, ruxsat berishi mumkin. Bunday holda qayta ishlash rejimlarining amal qilishi yangi rejimlarning amal qilishi muddatiga toʻxtatib qoʻyiladi.
Qayta ishlash mahsulotlarini bojxona chegarasi orqali bir necha turkum qilib olib oʻtishda qayta ishlash mahsulotlari miqdorining ruxsatnomada koʻrsatilganiga muvofiqligini tekshirib turish vaqti-vaqti bilan, ammo uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi bojxona chegarasi orqali olib oʻtilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin. Agar ana shunday tekshirib koʻrish natijasida qayta ishlashga ruxsatnoma olgan shaxs bojxona toʻlovlarini toʻlashi shart boʻlsa, bunda mazkur toʻlovlarning summasiga, basharti bu summalar ularni toʻlash zarurligi haqida bojxona organi tomonidan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida toʻlanadigan boʻlsa, penya hisoblab chiqarilmaydi.
