32-modda. Bojxona hududida qayta ishlash
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona xududida qayta ishlash shunday rejimki, bunda tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga import bojlari, soliqlar toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanmagan holda bojxona nazorati ostida qayta ishlash uchun olib kirilib, keyinchalik qayta ishlash mahsulotlari olib chiqiladi yoki ular oʻzga rejim ostida joylashtiriladi.
Bojxona hududida qayta ishlash rejimi ostida har qanday tovarlar joylashtirilishi mumkin, ana shunday rejim ostida joylashtirilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan tovarlar bundan mustasno.
Chet ellik yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida olingan Oʻzbekiston tovarlari bojxona hududida qayta ishlash rejimi ostida joylashtirilishi mumkin. Mazkur tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga amalda olib chiqib ketilmagan holda eksport rejimi ostida joylashtirilib, keyinchalik bojxona hududida qayta ishlash rejimida deklaratsiyalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilgan tovarlar va qayta ishlash mahsulotlari ularni olib chiqish paytida eksport bojlari va soliqlardan ozod qilinadi. Mazkur tovarlar va qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi.
Qayta ishlash mahsulotlari erkin muomalaga chiqarilganda import bojlari va soliqlar qayta ishlash uchun foydalanilgan tovarlarning qiymati hamda ularga nisbatan qoʻllanilgan toʻlovlar stavkalariga qarab toʻlanadi.
Qayta ishlash mahsulotlarini Oʻzbekiston tovarlari bilan almashtirishga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
