31-modda. Tovarlarni qayta ishlash shartlari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma ariza beruvchining yozma murojaatiga asosan bojxona organi tomonidan quyidagi hollarda beriladi:
tovarlarni ularning qayta ishlash mahsulotlarida qiyoslash mumkin boʻlsa, qonun hujjatlarida belgilanadigan hollar bundan mustasno;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan korxonalar uchun — qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslari vakolatli organ bilan kelishilgan boʻlsa, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan korxonalar uchun — tovarlarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmasligi haqida vakolatli organning xulosasi mavjud boʻlsa;
alohida xususiyatga ega boʻlgan tovarlar roʻyxatiga kiritilgan tovar yoki qayta ishlash mahsulotini olib kirish va olib chiqish uchun vakolatli organning maxsus ruxsatnomasi boʻlsa;
bojxona ishi haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashga doir boshqa talablar bajarilgan boʻlsa.
Tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma berish yoki bunday ruxsatnoma berishni rad etish haqidagi qaror uni qabul qilish uchun barcha zarur hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida bojxona organi tomonidan qabul qilinib, ariza beruvchi bu haqda yozma ravishda xabardor etiladi.
Tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma berish, agar ariza beruvchi tomonidan lozim darajada rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilgan boʻlsa yoki taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoxud buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeks talablariga rioya etilmagan boshqa hollarda rad etilishi mumkin.
Tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma berish rad etilgan taqdirda, bojxona organi bu haqda ariza beruvchini rad etish sabablarini hamda ariza beruvchi koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroriy koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddatni koʻrsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.
Tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablarni ariza beruvchi bartaraf etgan boʻlsa, hujjatlarni takroriy koʻrib chiqish ariza va barcha zarur hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan oshmaydigan muddat ichida bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.
Tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqishda tovarlarni qayta ishlash uchun ruxsatnoma berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha mazkur ruxsatnomani berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
