27-modda. Erkin bojxona zonasi va erkin ombor
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Erkin bojxona zonasi va erkin ombor shunday rejimlarki, bunda chet el tovarlari muayyan hududlar va joylarda boj, soliqlar va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasdan joylashtiriladi va ishlatiladi, Oʻzbekiston tovarlari esa eksport rejimiga muvofiq olib chiqishda qoʻllaniladigan shartlarga koʻra joylashtiriladi va ishlatiladi.
Erkin bojxona zonasi va erkin ombor rejimlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Tovarlar erkin bojxona zonasi va erkin ombor rejimlarida cheklanmagan muddatlargacha turishi mumkin.
Erkin bojxona zonalari va erkin omborlarda, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarlar bilan ishlab chiqarish va tijorat operatsiyalarini bajarishga yoʻl qoʻyiladi, ularning chakana savdosi bundan mustasno.
Ushbu Kodeksning va boshqa qonun hujjatlarining qoidalariga rioya etmayotgan ayrim shaxslarga bojxona organlari tovarlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlab qoʻyishi hamda erkin bojxona zonalari va erkin omborlarga moneliksiz kirib chiqishni rad etishi mumkin.
