132-modda. Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun beriladigan jazo turlari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun quyidagi jazolar beriladi:
1) jarima;
3) bojxona haqidagi qonun hujjatlari buzilishini sodir etish quroli yoki bevosita ashyosi hisoblangan tovarlar va transport vositalarini musodara qilish.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan jazo asosiy jazo sifatida qoʻllaniladi, ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan jazo esa ham asosiy, ham qoʻshimcha jazo sifatida qoʻllanilishi mumkin.
Tovarlar va transport vositalarining qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladigan jarima miqdorini aniqlash chogʻida, bunday qiymat deb ularning huquqbuzarlik aniqlangan kundagi erkin (bozor) narxi tushuniladi.
Yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini bir necha bor buzgan taqdirda, har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida jarima solinadi.
Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun tadbirkorlik subyektining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining jami yigirma foizidan ortiq miqdordagi toʻlanmagan bojxona toʻlovlarini va qoʻllanilgan iqtisodiy jazo choralarini undirish unga undiriladigan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida oyma-oy boʻlib toʻlash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi.
Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jazo berilishi javobgarlikka tortilayotgan shaxslarni boj toʻlovlarini toʻlash va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa talablarni bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
