100-modda. Deklarantning huquqlari va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Deklarant bojxona deklaratsiyasini topshirgunga qadar bojxona nazorati ostida tovarlar va transport vositalarini koʻzdan kechirishga, bojxona organining ruxsati bilan namunalar va nusxalar olishga haqli. Agar tovarlarga doir bojxona deklaratsiyasida hisobga olingan boʻlsa, namunalar va nusxalar olinganida ular haqida alohida bojxona deklaratsiyasi taqdim etilmaydi.
Tovarlar va transport vositalarini deklaratsiyalash chogʻida deklarant:
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibga muvofiq tovarlar va transport vositalarini deklaratsiyalashga va bojxona organiga bojxona deklaratsiyasini topshirishga;
bojxona organining talabiga binoan deklaratsiyalanayotgan tovarlar va transport vositalarini koʻrsatishga;
bojxona organiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻlgan hujjatlar va qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etishga;
bojxona toʻlovlarini toʻlashga;
bojxona organlariga bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda yordam berishga majburdir.
Qonun hujjatlarida deklarantning boshqa huquq va majburiyatlari ham nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
