16. Qonun loyihasi matniga qonun yoki uning ayrim qoidalari kuchga kirishi yoki ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish tartibi toʻgʻrisidagi qoidalarni kiritish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (237-II-son) · Sana: 30.12.2010 · Amalda
Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasining matniga quyidagi qoidalar kiritilishi mumkin:
qonunning yoki uning ayrim qoidalarining kuchga kirish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi;
ushbu qonun qabul qilinishi munosabati bilan ilgari qabul qilingan qonunlarni va boshqa qonunlarni yoki ularning ayrim qoidalarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi.
1-misol:
4-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
2-misol:
15-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun 2006-yilning 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kiradi.
3-misol:
295-modda. Ushbu Kodeksning kuchga kirish tartibi
Ushbu Kodeks 1996-yilning 1-aprelidan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Kodeks 151-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan taʼtilning eng oz muddatidan ortiqcha qismini pullik kompensatsiya bilan almashtirish 1996-yil 1-apreldan eʼtiboran oxirgi ish yilidagi va shundan keyingi yillardagi taʼtillarga nisbatan qoʻllaniladi.
4-misol:
43-modda. Ushbu Qonun qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonunlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Ushbu Qonun kuchga kirgan kundan boshlab quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 15-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi 223–XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 4, 76-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 15-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunini kuchga kiritish haqida”gi 224–XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 4, 77-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 664–XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 363-modda);
4) ______________________________________________________;
5) ______________________________________________________.
