7-modda. Vafot etgan shaxsning xohish-irodasini bajarish
Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-276-son) · Sana: 27.12.2010 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida har bir insonga uning oʻlimidan keyin jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) vafot etgan shaxsning xohish-irodasini inobatga olgan holda ushbu Qonunga muvofiq dafn etish va dafn etish uchun joyni tekin berish kafolatlanadi.
Vafot etgan shaxsning uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) ilgari vafot etgan shaxslar yoniga dafn etish toʻgʻrisidagi xohish-irodasini bajarish dafn etish uchun boʻsh joy yoki ilgari vafot etgan yaqin qarindoshining qabri mavjud boʻlgan taqdirda taʼminlanadi.
Shaxs boshqa aholi punktida yoki xorijiy davlat hududida vafot etgan taqdirda vafot etgan shaxsning uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) dafn etish toʻgʻrisidagi xohish-irodasini bajarish dafn etishni amalga oshirish va dafn etish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga olgan shaxsga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻlim haqidagi guvohnomani (maʼlumotnomani), vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) olib ketish uchun ruxsatnomani, yoʻl hujjatlarini, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtishga doir hujjatlarni olishga koʻmaklashish qismida kafolatlanadi. Mazkur koʻmakni mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek oʻz faoliyati turiga koʻra shunday hollarda zarur xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa yuridik shaxslar koʻrsatishi shart.
Mehnat migratsiyasida boʻlgan davrda vafot etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini olib kelishni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
