16-modda. Eski va ilgari nomaʼlum boʻlgan qabrlar
Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-276-son) · Sana: 27.12.2010 · Amalda
Mavjudligi haqida ishonchli maʼlumotlar boʻlmagan qabrlar eski va ilgari nomaʼlum boʻlgan qabrlar deb hisoblanadi.
Qabrlar borligi ehtimoli boʻlgan hududlarda har qanday ishlarni amalga oshirishdan oldin mahalliy davlat hokimiyati organlari bu hududni tekshiruvdan oʻtkazishi shart.
Eski va ilgari nomaʼlum boʻlgan qabrlar aniqlangan taqdirda mahalliy davlat hokimiyati organlari qabrlarni belgilab qoʻyishi va roʻyxatga olishi, zarur hollarda esa dafn etilganlarning saqlanib qolgan tana qismlari qayta koʻmilishini tashkil etishi shart.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli ruxsatnomasiga ega boʻlmagan yuridik yoki jismoniy shaxslarning eski va ilgari nomaʼlum boʻlgan qabrlarni qidirishi hamda ochishi taqiqlanadi.
Arxeologiya merosi obyektlari boʻlgan eski va ilgari nomaʼlum boʻlgan qabrlarni qidirish hamda ochish arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
