6-modda. Reklamaga doir asosiy talablar
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Qonuniylik, aniqlik, ishonchlilik, reklamadan foydalanuvchiga zarar, shuningdek maʼnaviy zarar yetkazmaydigan shakllar va vositalardan foydalanish reklamaga doir asosiy talablardir.
Reklamada quyidagilar taqiqlanadi:
ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulot toʻgʻrisida axborot tarqatish;
jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga koʻra kamsitish yoki oʻzga shaxslarning mahsulotini badnom etish;
qonunchilikning buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan, fuqarolarning sogʻligʻi yoki hayotiga va atrof muhitga zarar yetkazuvchi yoxud zarar yetkazishi mumkin boʻlgan, shuningdek xavfsizlik vositalariga eʼtiborsizlik tuygʻusini uygʻotuvchi harakatlarga daʼvat qilish;
majburiy sertifikatlashtirilishi zarur boʻlgan yoki ishlab chiqarilishi yoxud realizatsiya qilinishi uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) boʻlishi talab etiladigan mahsulotni tegishli sertifikati, litsenziyasi boʻlmay turib reklama qilish;
agar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa mahsulot reklamasida qoʻllaniladigan umumiy yechim, matn, tasvir, musiqali yoki ovozli ohanglarni aynan takrorlash (taqlid yoki oʻxshatma qilish);
jismoniy shaxsning nomi yoki tasviridan uning roziligisiz foydalanish;
pornografiyani tarqatish.
axborot mazmunining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xorijiy soʻz va iboralardan foydalanish;
mahsulot davlat organlari yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan maʼqullanganligini koʻrsatish;
ishtirok etish uchun muayyan mahsulotni olish sharti qoʻyilgan ragʻbatlantiruvchi lotereya, tanlov, oʻyin yoki shunga oʻxshash boshqa tadbir oʻtkazishni tadbirning tashkilotchisini, uni oʻtkazish qoidalari va muddatlarini, bunday tadbir haqidagi axborot manbaini, mukofotlar yoki yutuqlar miqdorini, ularni olish muddatlari, joyi va tartibini koʻrsatmagan holda reklama qilish;
mahsulotni tovar belgisi yoki xizmat koʻrsatish belgisi reklama qilish taqiqlangan yoxud reklama qilishga nisbatan tegishli cheklovlar yoki talablar belgilangan mahsulotning tovar belgisi yoki xizmat koʻrsatish belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoxud unga aynan oʻxshash boʻlgan boshqa mahsulotning reklamasi koʻrinishida reklama qilish.
