26-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirishi
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida (160-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, agar hujjatlarning oʻzida boshqa muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, rasman eʼlon qilinganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda kuchga kiradi va ular eʼlon qilinishi shart.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari, agar hujjatning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida barcha manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjatni manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazish normativ-huquqiy hujjat matni bilan moneliksiz (erkin) tanishish huquqini taʼminlovchi har qanday shaklda amalga oshirilishi mumkin.
