16-modda. Buyurtmachining huquq va majburiyatlari
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-269-son) · Sana: 22.12.2010 · Amalda
Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan malaka sertifikati koʻrsatilishini talab qilish;
rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi bajarilishining borishi haqida axborot olish;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi shartlari rieltorlik tashkiloti yoki rieltor tomonidan bajarilmagan taqdirda shartnomaning bekor qilinishini talab etish;
rieltorlik tashkiloti yoki rieltorning aybi bilan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasining bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishini talab qilish;
koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir tuzilishi moʻljallanayotgan bitimning xususiyati hamda huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan yozma shaklda axborot olish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga, rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning birlashmalariga, shuningdek sudga murojaat qilish.
Buyurtmachi:
rieltorlik tashkiloti yoki rieltorning rieltorlik xizmatlari haqini tuzilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz vaqtida toʻlashi;
bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti, unga boʻlgan huquqlar haqidagi, oʻzi va boshqa huquq egalari toʻgʻrisidagi ishonchli hamda toʻliq maʼlumotlar va hujjatlarni rieltorlik tashkilotiga yoki rieltorga taqdim etishi shart.
Buyurtmachi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar boʻlishi mumkin.
