21-modda. Yakka tartibdagi profilaktika ishini olib borish asoslari
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Yakka tartibdagi profilaktika ishini olib borish uchun ushbu Qonunning 20-moddasida nazarda tutilgan holatlar, agar ular quyidagi hujjatlarda qayd etilgan boʻlsa, asos boʻladi:
voyaga yetmaganning yoxud uning ota-onasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarning voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalar vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan oʻziga yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizasida;
sudning hukmi yoki ajrimida;
bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning yoki ichki ishlar organi boshligʻining qarorida;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi muassasalarga voyaga yetmaganlarni joylashtirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarda;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organ yoki muassasa rahbari shikoyatlar, arizalar yoki boshqa xabarlarni tekshirish natijalari boʻyicha tasdiqlagan xulosada.
