20-modda. Oʻziga nisbatan yakka tartibdagi profilaktika ishi olib boriladigan shaxslarning toifalari
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Yakka tartibdagi profilaktika ishi quyidagi voyaga yetmaganlarga nisbatan olib boriladi:
nazoratsiz yoki qarovsiz qolganlar;
gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etganlar;
ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida saqlanayotganlar;
taʼlim muassasalaridagi mashgʻulotlarga uzrli sabablarsiz kelmayotgan yoki muntazam ravishda qatnashmayotganlar;
maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlar;
amnistiya akti asosida yoki qilmish yoxud shaxs ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotganligi sababli yoki aybdor oʻz qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi yoxud yarashilganligi munosabati bilan, shuningdek voyaga yetmaganni jazo qoʻllamasdan turib tuzatish mumkin deb eʼtirof etilgan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganlar;
ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻlgan yoshga toʻlmaganlar yoxud ruhiy holatining buzilganligi bilan bogʻliq boʻlmagan holda rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻla ravishda anglab yetishga qodir boʻlmaganlar;
jinoyat sodir etganlikda ayblanib, qamoqqa olish bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyot chorasi qoʻllanganlar;
majburlov choralari qoʻllangan holda jinoiy jazodan ozod qilinganlar;
jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinganlar, shaxs ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotganligi sababli yoki aybdor oʻz qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi munosabati bilan yoxud amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilinganlar;
hukmning ijrosi kechiktirilganlar;
shartli hukm qilinganlar, axloq tuzatish ishlariga yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo turlariga hukm qilinganlar;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar;
ruhiy holatining buzilganligi tufayli sogʻliqni saqlash muassasalarida hisobda turganlar va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlganlar.
Yakka tartibdagi profilaktika ishi ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan oilalarga nisbatan ham olib boriladi.
