20-modda. Arxiv hujjatlarini jamlash
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Arxiv hujjatlarini jamlash arxivlar, idoraviy arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini arxiv hujjatlari bilan toʻldirishni oʻz ichiga oladi.
Milliy arxivlar, markaziy, viloyat, tuman (shahar) davlat arxivlari davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarining faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan olingan yoki ularga nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar topshirgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.
Tarmoq davlat arxivlari tegishli vazirlikning yoki idoraning faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.
Nodavlat arxivlar qonunchilikda belgilangan tartibda jamlanadi.
Arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxatini tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nodavlat arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlari bilan jamlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivlari imtiyozli sotib olish huquqiga ega boʻladi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlarni jamlashi shart.
Arxiv hujjatlarini jamlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
