9-modda. Tekshirish obyektlari
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, tekshirish uchun namunalar, boshqa moddiy obyektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, axborot tizimlari, elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron jismlar va Internet jahon axborot tarmogʻi manbalarida saqlanayotgan elektron maʼlumotlar, shuningdek sud ekspertizasi oʻtkazilayotgan ish materiallari tekshirish obyektlari boʻlishi mumkin. Tekshirishlar tirik odamga nisbatan xam oʻtkaziladi.
Tekshirishni oʻtkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur boʻlgan tirik odam, murda, hayvon, oʻsimlik, buyum, material yoki moddaning xususiyatlarini aks ettiruvchi obyektlar tekshirish uchun namunalardir.
Sud ekspertizasini oʻtkazishda tekshirish obyektlari (tirik odamdan tashqari) tekshirishni oʻtkazish uchun qay darajada zarur boʻlsa, shu darajada shikastlanishi yoki ishlatilishi mumkin. Bunda tekshirish obyektining qisman shikastlanishi yoki ishlatilishiga sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati olinishi zarur, tayinlangan sud ekspertizasining oʻziga xos xususiyatlari obyektning shikastlanishini (buzilishini) yoki ishlatilishini taqozo etuvchi hollar bundan mustasno.
Tekshirish obyektlarining sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati bilan yoxud tayinlangan sud ekspertizasining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq holda shikastlanganligi yoki ishlatilganligi davlat sud-ekspertiza muassasasi, boshqa tashkilot yoki sud eksperti tomonidan mazkur obyektlarning mulkdoriga zararning oʻrni qoplab berilishiga sabab boʻlmaydi.
Tekshirish obyektlari, agar ularning oʻlchamlari va xossalari imkon bersa, oʻralgan va muhrlangan holda sud ekspertiga topshirilishi kerak.
Tekshirish obyektini sud ekspertining ish joyiga yetkazib berishning iloji boʻlmaganda, sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) unga mazkur obyektni moneliksiz kirib koʻrishni va uni tekshirish imkoniyatini taʼminlaydi.
Sud ekspertizasi tugallanganidan keyin tekshirish obyektlari, agar ular toʻla ishlatilgan boʻlmasa, sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.
