10-modda. Sud eksperti
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Sud eksperti sifatida davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Boshqa tashkilot xodimi sud ekspertizasini uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida oʻtkazadi.
Ishda sud eksperti sifatida ishtirok etish uchun jalb etilgan boshqa jismoniy shaxs biron-bir davlat sud-ekspertiza muassasasi shtatida turmaydi va sud ekspertizasini uni tayinlagan organning (shaxsning) topshirigʻini bajarish tartibida oʻtkazadi.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas. Shaxsning sud eksperti sifatida ishtirok etishini istisno etadigan boshqa holatlar protsessual qonunda nazarda tutiladi.
Sud eksperti ish holatlarini tekshirishda faqat oʻziga topshirilgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli va xulosa berish uchun ahamiyatga molik masalalar boʻyicha ishtirok etadi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov organlari, sud va sud muhokamasidagi taraflar sud ekspertiga faqat unga topshirilgan sud ekspertizasi va u tomonidan berilgan xulosa munosabati bilan murojaat etishga haqli.
Sud eksperti faqat oʻzi tomonidan berilgan xulosa va shaxsan oʻtkazgan tekshirishlari yuzasidan soʻroq qilinishi mumkin.
Sud ekspertini u xulosa berguniga qadar soʻroq qilish taqiqlanadi.
